Ta’limdagi yangi tashabbuslar, FIFA bilan muzokara va xalqaro forumlarga murojaatlar – Prezident kun tartibidan muhim xabarlar
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 30-sentabr va 1-oktabr kunlaridagi faoliyati ta’lim islohotlari, pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro futbol hamkorligi, xotin-qizlar tadbirkorligi hamda konstitutsiyaviy adolat masalalarini qamrab oldi.
30-sentabr kuni davlat rahbari «Yangi O‘zbekiston» universitetiga tashrif buyurib, ta’lim sohasidagi islohotlar va kelgusi rejalarga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdi. Prezidentga maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha bo‘lgan yo‘nalishlardagi o‘zgarishlar, universitetdagi Bloomberg laboratoriyasi, Apple Training Center, sun’iy intellekt klasteri, biotexnologiya, nanotexnologiya va mashinasozlik laboratoriyalari taqdim etildi.
Shundan so‘ng Prezident ustoz va murabbiylar bilan uchrashdi. Uchrashuvda kelgusi yil 1-yanvardan 2–3 yoshli farzandini oilaviy bog‘chaga bergan ishlovchi ayollarning badal pulini budjetdan qoplash, xalqaro kasb sertifikatiga ega ustalarga 50 foiz ustama to‘lash hamda har yili 500 nafar ustani xorijiy stajirovkaga yuborish kabi tashabbuslar bildirildi.
Davlat rahbari O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan tabrigida 2026-yilda o‘quvchilar xalqaro olimpiadalarda 228 ta medal olgani, PISA reytingida tabiiy fanlar bo‘yicha 32 pog‘ona yuqorilab, 48-o‘rinni egallaganini qayd etdi. Ilg‘or pedagoglarni rag‘batlantirish uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilishi ma’lum qilindi.
Shavkat Mirziyoyev FIFA prezidenti Janni Infantino bilan muloqotda O‘zbekiston va Ozarbayjonda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatini o‘tkazish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash hamda Toshkentda FIFAning mintaqaviy vakolatxonasini ochish jarayonini jadallashtirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, Prezident O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining to‘rtinchi biznes forumi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini 2030-yilgacha ikki barobar oshirish vazifasini ta’kidladi. Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash iqtisodiy o‘sish va raqobatbardoshlikning muhim omili ekani qayd etildi.
1-oktabr kuni Prezident Samarqandda o‘tkazilgan Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining VII kongressi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Unda Konstitutsiya ustuvorligi, inson huquqlari, sudyalar mustaqilligi va raqamli transformatsiya sharoitida adolatni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.