Xususiy texnik xizmatdan voz kechgan iste’molchini gazdan uzish noqonuniy – Energetika vazirligi
Ayrim hududlarda xususiy tashkilotlar vakillari xonadonlarga borib, gaz plitalari va qozonlariga texnik xizmat ko‘rsatishni taklif qilayotgani, xizmatdan foydalanish majburiyligi va rad etilgan taqdirda gaz ta’minoti uzilishi mumkinligini aytayotgani haqida murojaatlar kelib tushgan.
Energetika vazirligi iste’molchini xususiy tashkilot xizmatidan foydalanishga majburlash yoki rad etgani uchun gaz ta’minotidan uzish noqonuniy ekanini bildirdi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, gaz uskunalari va tarmoqlariga tegishli ruxsat beruvchi hujjatlarga ega yuridik shaxslar texnik xizmat ko‘rsatishi mumkin. Biroq bunday xizmatlar iste’molchining yozma, og‘zaki yoki elektron buyurtmasi asosida, belgilangan tarif va shartlar bo‘yicha ko‘rsatiladi.
Qoidalarga muvofiq, tabiiy gaz bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda iste’molchini gaz tarmog‘idan uzish choralarini gaz ta’minoti tashkiloti ko‘radi. Xususiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bunday vakolatga ega emas.
Gaz jihozlarini tekshirtirish yoki ularga texnik xizmat ko‘rsatish zarur bo‘lsa, fuqarolar ixtiyoriy ravishda «Hududgazta’minot» AJning hududiy tashkilotlariga ham murojaat qilishi mumkin.
Xususiy xizmat ko‘rsatuvchilar tomonidan majburlash, gazni uzish bilan tahdid qilish yoki boshqa shubhali holatlarga duch kelgan fuqarolar quyidagi aloqa kanallariga murojaat qilishi mumkin:
Energetika vazirligi:
@anticorenergetikauz_bot
+998 71 231-10-64
«Hududgazta’minot» AJ:
@hgt_antikor_bot
+998 71 202-11-04 yoki 1104
Shuningdek, kuz-qish mavsumida gaz jihozlarining sozligi, texnik holati va mo‘rilarning tozaligiga alohida e’tibor qaratish, is gazi bilan zaharlanish hamda boshqa baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish zarurligi eslatilgan.