Milliy kutubxona ortidagi loyiha bo‘yicha ekologik xulosa mavjud emas
Ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ortidagi 1,3 gektar hududda avtoturargoh tashkil etish va obodonlashtirish loyihasi rejalashtirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi loyiha bo‘yicha hozircha ekologik ekspertiza xulosasi mavjud emasligini ma’lum qildi. Shu sababli daraxtlar, yashil maydonlar va tuproq qoplamiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan ishlar tegishli ekologik baholashsiz amalga oshirilishi mumkin emas.
Loyihada mingdan ortiq daraxt va buta ekish ko‘zda tutilgan. Biroq yangi ko‘chatlar mavjud ko‘p yillik daraxtlar va shakllangan yashil hududlarning ahamiyatini to‘liq qoplay olmaydi. Qo‘mita mavjud yashillikni maksimal darajada saqlash, daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish va loyiha hujjatlarini ekologik ekspertizaga taqdim etish zarurligini ta’kidladi.