Qarshida soliq to‘lovchilarning 122,6 mln so‘mi talon-toroj qilingani aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qilishicha, Qarshi shahar bo‘limi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda soliq to‘lovchilardan olingan mablag‘larni talon-toroj qilish holati aniqlangan.
Tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, Qarshi shahar soliq inspeksiyasining davlat soliq bosh inspektorlari M.A., Sh.T. va boshqalar soliq qarzdorligini so‘ndirish bahonasida 97 nafar soliq to‘lovchidan 122,6 mln so‘m olgan. Mablag‘lar soliq to‘lovchilarning shaxsiy hisobvaraqlariga kirim qilinmasdan, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingani qayd etilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ter gov harakatlari davom etmoqda.