2026-yil 1-oktabrdan O‘zbekistonda qanday yangi tartiblar kuchga kirdi?
– Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga yangi xizmatlar qo‘shildi. Fuqarolar o‘z nomiga rasmiylashtirilgan telefon raqamlari va bank kartalarini ko‘rishi mumkin. Shuningdek, ko‘chmas mulk yoki transport vositasini sotish, garovga yoxud ipotekaga qo‘yishga taqiq o‘rnatish imkoniyati yaratildi.
– Shaxsiy ma’lumotlar avtomatik yangilanadi. Ism, familiya yoki tug‘ilgan sana o‘zgarganda ma’lumotlar davlat idoralarining tegishli axborot tizimlariga elektron tarzda kiritiladi.
– Tadbirkorlar uchun moliyaviy jarimalarni to‘lash tartibi yengillashdi. Qaror topshirilganidan keyin bir oy ichida jarimaning 50 foizi to‘lansa, qolgan qismi kechiriladi. Jarimani olti oy davomida bo‘lib to‘lash ham mumkin.
– Fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishlovchilarga ish staji hisoblanadi. Buning uchun o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lash talab etiladi.
– Eksportda ayrim yig‘im va to‘lovlar 30 foizga kamaydi. Belgilangan shartlarga javob beradigan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari importda to‘langan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
– “Yer banki”dagi tegishli uchastkalar qurilishga ruxsatnoma va dastlabki loyiha hujjatlari tayyorlangan holda savdoga qo‘yiladi.
– Teatr, kino va konsertlar uchun bepul vaucherlar beriladi. Har yili 500 ming nafar o‘qituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol o‘quvchi va talaba, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 100 mingta oilaning bir nafardan farzandi hamda nogironligi bo‘lgan bolalar bepul vaucher bilan ta’minlanadi.
– Qon xizmati tashkilotlarida yangi standart tartiblar joriy etildi. Ular qon mahsulotlarining xavfsizligi va sifatini ta’minlashga qaratilgan.
– Elektrotexnika korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Aylanma mablag‘ uchun yillik 6 foiz stavkada, ikki yilgacha muddatga 5 million dollargacha kredit berish tartibi boshlandi.
– Suv tejovchi texnologiyalarga talablar o‘zgardi. Nasos va filtr qurilmalarini QR-kod bilan belgilash, GPS kuzatuv tizimini o‘rnatish hamda texnologiyalarni o‘z mablag‘i hisobidan joriy etuvchilarga subsidiya berishning yangi tartibi amal qiladi.
Hududlardagi yangi tartiblar
– Andijonda xususiy tadbirkorlarning import qilingan suyultirilgan gazni maishiy ballonlarda aholiga erkin narxda yetkazib berishi bo‘yicha tajriba boshlandi.
– Toshkentda avtobus va metroda bir martalik elektron to‘lov 2 500 so‘m etib belgilandi. Naqd to‘lov 3 000 so‘mligicha qoldi.
– Buxoroning belgilangan tarixiy hududida elektroskuter, riksha, moped va shu kabi transport vositalarining harakati cheklandi.