Yangi darsliklar, dual ta’lim va Xivada Xitoy universiteti filiali – Prezidentga taqdimot qilindi

Asosiy rasm

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limida yangi avlod darsliklarini joriy etish, oliygohlar va korxonalar hamkorligida dual ta’limni tashkil qilish hamda Xitoyning Lyaonin pedagogika universiteti filialini O‘zbekistonda ochish bo‘yicha taqdimotlar bilan tanishdi.

Yangi ta’lim mazmunida quruq yodlashdan tanqidiy fikrlash, ijodkorlik va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga o‘tish ko‘zda tutilgan. Boshlang‘ich sinf darsliklari Finlyandiya ta’lim alyansi sertifikatsiyasidan o‘tgan, 5–7-sinflarning matematika, fizika, kimyo va biologiya darsliklari esa Singapur tajribasi asosida ishlab chiqilgan.

2027-yilga qadar 1 342 nomdagi darslik va o‘quv-metodik material tayyorlash rejalashtirilgan. O‘quv dasturlariga moliyaviy va raqamli savodxonlik, shuningdek, suvni tejash, tabiatni asrash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga oid 300 dan ortiq ekologik mavzu kiritilmoqda.

Taqdimotda oliygohdagi nazariy ta’limni korxonalardagi amaliyot bilan bog‘laydigan dual ta’lim tizimini kengaytirish masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Talabalarni amaliyotga qabul qilib, keyinchalik ishga joylashtirgan korxonalarni rag‘batlantirish taklif etilmoqda.

Xususan, talabaga to‘langan ish haqining 50 foizini subsidiya sifatida qoplash, bojxona to‘lovlari va amortizatsiya bo‘yicha imtiyozlar berish hamda 25 nafardan ortiq talabani amaliyotga olgan korxonalarga davlat xaridlarida preferensiyalar qo‘llash rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Xiva shahrida Xitoyning Lyaonin pedagogika universiteti filialini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Filialda xalqaro xitoy tili ta’limi, xalqaro biznes, turizm boshqaruvi va sun’iy intellekt yo‘nalishlari ochilishi ko‘zda tutilgan.

Ta’lim o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi. Bitiruvchilarga O‘zbekiston va Xitoyda tan olinadigan diplom beriladi. Filial faoliyatini 2026/2027-o‘quv yilida boshlash rejalashtirilgan.



Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring