Namanganda jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan qizaloq oilasi bilan xavfsiz joyga ko‘chiriladi
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva bildirishicha, qizaloq va uning oilasi boshqa shaharga ko‘chiriladi hamda uy-joy va zarur reabilitatsiya bilan ta’minlanadi.
Oilaga to‘liq ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Jumladan, qizaloqning onasiga o‘qish va ishga joylashishda ko‘mak beriladi. Zarurat tug‘ilsa, familiyasini o‘zgartirishga ham yordam ko‘rsatiladi.
Agentlik fojia yuz berganidan buyon vaziyatni nazorat qilib kelayotgani, mutaxassislar va psixologlar qizaloq hamda uning onasi bilan ishlayotgani ma’lum qilindi. Ularning xavfsiz joyda yangi hayot boshlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi ta’kidlandi.
Prezident Administratsiyasi ushbu masalani alohida nazoratga olgan. Barcha mas’ul idoralar ishga jalb qilingan, mazkur jinoyat jazosiz qolmasligi ta’kidlandi.