Paxta terimida majburiy va bolalar mehnatining oldini olish bo‘yicha monitoring boshlandi
O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi mavsumi boshlanishi munosabati bilan mehnat qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha maxsus ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lum qilishicha, tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat shtab majburiy mehnat va bolalar mehnatining oldini olish, shuningdek, terimchilarning mehnat huquqlarini ta’minlash masalalarini nazorat qiladi.
Ish beruvchilar va fermer xo‘jaliklari paxta terimiga hech kimni majburan jalb qilmasligi, bolalar mehnatidan foydalanmasligi hamda ishchilar bilan mehnat munosabatlarini qonunchilik asosida rasmiylashtirishi shart.
Shuningdek, ish vaqti, dam olish va mehnatga haq to‘lash bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etilishi lozim. Ota-onalar esa maktab o‘quvchilarining paxta yig‘im-terimiga jalb qilinishiga yo‘l qo‘ymasligi so‘ralgan.
Mehnat huquqi buzilgan yoki majburiy mehnat holatiga duch kelgan fuqarolar Davlat mehnat inspeksiyasining @munosibmehnat_bot manzili yoki 1176 qisqa raqami orqali murojaat qilishi mumkin.