Bolalar saratoniga qarshi kurash bo‘yicha 2035-yilgacha mo‘ljallangan Milliy reja tasdiqlandi
O‘zbekistonda onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalar va o‘smirlarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 2035-yilgacha mo‘ljallangan Milliy reja tasdiqlandi.
Hujjatda bolalar saratonini erta bosqichda aniqlash ulushini 65 foizga yetkazish, bemor bolalarni ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan 100 foiz qamrab olish belgilangan. Maqsad – yashash joyi va oilasining iqtisodiy holatidan qat’i nazar, har bir bolaga o‘z vaqtida tashxis va samarali davolanish imkoniyatini yaratish.
Hududlarda diagnostika, target terapiya va immunoterapiyadan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi, mutaxassislar tayyorlash rivojlantiriladi. Bolalar kanser-registri, elektron tibbiy kartalar va teletibbiyot joriy etiladi.
JSSTning global tashabbusi bilan uyg‘unlashtirilgan reja palliativ yordam, psixologik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda reabilitatsiyani ham qamrab oladi.