O‘zbekistonda havo keskin soviydi, yomg‘ir va kuchli shamol kutilmoqda
3-oktabr kuni O‘zbekistonning shimoliy hududlariga, 4–5-oktabr kunlari esa respublikaning qolgan hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib keladi.
O‘zgidromet mamlakat bo‘ylab ob-havo keskin o‘zgarishidan ogohlantirdi.
3–4-oktabr kunlari shimoliy va cho‘l hududlarida, 4–5-oktabrda esa respublikaning qolgan qismida yomg‘ir yog‘adi. Ayrim joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi, baland tog‘larda esa qorga aylanishi kutilmoqda.
Havo harorati asta-sekin pasayib, kunduz kunlari 15–20 daraja, kechalari 5–10 daraja iliq bo‘ladi. Shimoliy hududlarda harorat kunduzi 12–17 daraja, kechasi esa 2–7 daraja iliqqacha tushadi.
3–4-oktabr kunlari ayrim joylarda shamol tezligi 13–18 metr/sekundgacha, ba’zan chang-to‘zonlar bilan 20–22 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.
Shuningdek, 5–6-oktabr kunlari respublikaning ayrim hududlarida tuman tushishi kutilmoqda.