O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Transkaspiy transport yo‘lagi imkoniyatlarini kengaytiradi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati Yevropa Komissiyasi Xalqaro hamkorlik bo‘yicha bosh direktorati direktori Peteris Ustubs hamda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar bilan muzokara o‘tkazgan.
Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda temir yo‘l tarmog‘ining o‘rni muhokama qilingan.
Tomonlar Transkaspiy transport yo‘lagining o‘tkazuvchanligini oshirish, istiqbolli transport loyihalarini amalga oshirish hamda xalqaro moliya institutlari ko‘magida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalarini ko‘rib chiqqan. Hamkorlikni tizimli davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Muzokaralarning davomi sifatida 30-sentabr kuni Toshkentda Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘yicha O‘zbekistondagi ikkinchi milliy konferensiya o‘tkazilgan.
Transport vazirligi, Yevropa Komissiyasi va xalqaro moliya tashkilotlari vakillari qatnashgan tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Raxmetov O‘zbekistonning tranzit salohiyati va transport infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollarini taqdim etgan.