Sakkiz oyda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 12 mingdan ortiq jinoyat aniqlandi
Joriy yilning sakkiz oyida giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 12 104 ta jinoyat hamda 1 410 ta ma’muriy huquqbuzarlik aniqlandi. Bu haqda Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi ma’lum qildi.
Hisobot davrida 89 ta yirik narkojinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Ulardan 1,4 tonna an’anaviy, 61,7 kilogramm sintetik giyohvandlik vositasi hamda 4,6 million dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi modda olib qo‘yildi.
Shuningdek, 15 ta onlayn narkodo‘kon faoliyati tugatildi. Giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan va jami 630 mingdan ortiq obunachiga ega 1 911 ta internet resursi bloklandi. Ularning 609 tasi Telegram bot, 1 004 tasi yopiq, 298 tasi esa ochiq kanal, guruh va chatlardan iborat.
Tezkor-profilaktik tadbirlar davomida 2 tonna 708 kilogramm narkotik va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi. Jumladan, 2 tonna 398 kilogramm narkotik, 310 kilogramm kuchli ta’sir qiluvchi hamda 3 633 dona psixotrop moddaning aholi orasida tarqalishi oldi olindi.
Bundan tashqari, sintetik narkotiklar tayyorlashda foydalaniladigan 10,5 tonna prekursor musodara qilindi.
O‘tkazilgan tadbirlar natijasida 18 ta noqonuniy narkolaboratoriya aniqlandi. Ularda saqlangan jami 1 tonna 40 kilogramm giyohvandlik vositasi, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va prekursorlar noqonuniy muomaladan olindi.