Andijonni rivojlantirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi

Asosiy rasm

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda hududning sanoat, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, energetika, ta’lim, bandlik va transport salohiyatini oshirishga qaratilgan qator tashabbus va vazifalar belgilandi.

– Asaka tumanida “Asaka muhandislik vodiysi”ni tashkil etish, dasturiy mahsulotlar, elektronika, elektromexanika va muhandislik xizmatlarining yaxlit zanjirini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

– Qoraqalpog‘iston tajribasi asosida qolgan 13 ta hududda loyihalar menejeri lavozimi joriy etiladi. Andijondagi loyihalar menejeri viloyatning yangi investitsiya modelini yaratishga mas’ul bo‘ladi. Bunda har bir tumanning sanoat, xizmatlar va qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari sun’iy intellekt yordamida baholanadi.

– Paxtani birjada sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har bir tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi. O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlarga esa har bir gektar uchun 1,5 million so‘mdan subsidiya ajratiladi.

– Kamida 1 ming nafar ishchisi bo‘lgan korxonalarning xodimlarni o‘qitish va malakasini oshirish, shuningdek, ularni ish joyiga olib kelish va olib ketish bilan bog‘liq transport xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

– Andijon texnika instituti transformatsiya qilinadi. Institutga xorijlik menejerlar va professor-o‘qituvchilar jalb etilib, ta’lim dasturlari hamda yo‘nalishlari yangilanadi.

– Ikki yillik dastur asosida mikro GESlarni tayyor holda qurib, tadbirkorlarga lizing asosida berish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun qulay moliyaviy mexanizmlarni joriy etish topshirildi.

– Qirg‘iziston bilan “Do‘stlik” postidan ikki barobar katta “Keskaner” chegara postini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Uch oy ichida uning loyihasini ishlab chiqish va qurilishni boshlash vazifasi qo‘yildi. Yangi post yuk tashish hajmini 2–3 barobar oshirish hamda yuk yetkazish muddatini bir haftaga qisqartirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

– Andijonda ayollar bandligini ta’minlash uchun alohida jamg‘arma tashkil etilib, unga 20 million dollar ajratiladi.

– Andijon shahri, Shahrixon va Andijon tumanlari ichki ishlar rahbarlariga raqamlashtirish va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘rinbosar lavozimlari joriy etiladi.

– Kelgusi yilda Andijondagi 100 ta mahallaga “Yangi O‘zbekiston qiyofasi”ni olib kirish bo‘yicha alohida reja ishlab chiqiladi.




Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring