Toshkentda fandomat ishga tushirildi – har bir idish uchun 150 so‘m

Asosiy rasm

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi Toshkent shahridagi Ekologiya qo‘mitasi binosi oldida ichimlik idishlarini qabul qiluvchi maxsus fandomatni ishga tushirdi. Shunday qurilma Surxondaryo viloyati markazida ham o‘rnatilib, foydalanishga topshirilgan.

Endilikda aholi saralangan plastik, shisha va alyuminiy ichimlik idishlarini fandomatga topshirib, har biri uchun 150 so‘mdan pul rag‘bati olishi mumkin. Mablag‘ foydalanuvchining Click elektron hamyoniga o‘tkaziladi.

Qurilmadan foydalanuvchilarga ikki xil imkoniyat taklif etiladi. Birinchi variantda qabul qilingan har bir idish uchun 150 so‘m to‘lanadi. Ikkinchi variantda esa foydalanuvchi ushbu mablag‘ni xayriyaga yo‘naltirishi mumkin. Bunda yig‘ilgan idishlarni qayta ishlashga topshirishdan tushgan mablag‘lar xayriya maqsadlari va daraxt ekish tashabbuslariga sarflanadi.

Ma’lumotga ko‘ra, loyiha Agentlik hamda chiqindilarni avtomatik yig‘ish va saralash texnologiyalariga ixtisoslashgan Norvegiyaning “TOMRA” kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Pilot loyihadan ko‘zlangan maqsad chiqindilarni saralashni kundalik odatga aylantirish, aholining ekologik madaniyatini oshirish hamda foydalanilgan ichimlik idishlari shunchaki chiqindi emas, balki qayta ishlanadigan va iqtisodiy qiymatga ega resurs ekanini ko‘rsatishdan iborat.

Loyiha o‘zini oqlasa, kelgusida fandomatlarni respublikaning boshqa hududlaridagi aholi gavjum joylarga ham bosqichma-bosqich o‘rnatish rejalashtirilgan.



Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring